Avto

BYD kompaniyasining ilk elektromobillari qanday bo‘lgan

Kompaniya ishlab chiqarishni BYD F3DM elektromobilidan boshlagan
BYD elektromobillari
Foto: Evans Halshaw

Elekromobil bozorida BYD’ning ham ulushi ortib bormoqda. Yanvar – sentabr oylarida 17 mingga yaqin BYD avtomobillari sotilgan. Kursiv Uzbekistan nashrining ushbu maqolasida BYD kompaniyasining ilk elektromobillari va ularning yaratilish tarixi haqida so‘z boradi.

Ushbu maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:

BYD F3DM

2008-yilda Xitoyning BYD kompaniyasi o‘zining birinchi BYD F3DM modelini taqdim qildi. Bu avtomobil jahon miqyosida birinchi ommaviy ishlab chiqarilgan plug-in gibrid sifatida e’tirof etilgan. «DM» qisqartmasi «Dual Mode» (ikki rejim) degan ma’noni anglatadi. Mashina elektr rejimida ham, gibrid (benzin-elektr) rejimida ham harakatlana olgan.

Foto: Vikipediya

Model 1,0 litrli benzin dvigateli va ikkita elektromotor bilan jihozlangan. 16 kVt/soat sig‘imli batareyasi faqat elektrda 60 km masofani bosib o‘tishga imkon bergan. Benzin rejimida esa umumiy yurish masofasi 480 km gacha yetgan. Umumiy quvvat 125 kVt (170 ot kuchi). Bu o‘sha davr uchun juda yaxshi ko‘rsatkich hisoblangan.

Foto: NYT

Dastlab bu model faqat davlat tashkilotlari va kompaniyalar parklariga yetkazib berilgan. Narxi 169 800 yuan (taxminan $25 ming) atrofida edi. Oddiy benzinli BYD F3 dan ikki baravar qimmat edi. Shu sabab dastlab sotuvlar past. Ammo hukumat subsidiyalari joriy etilgach, 2010-yildan jismoniy shaxslar ham xarid qila boshladi. F3DM BYD’ning elektromobil yo‘lidagi ilk qadam bo‘ldi.

Miniven BYD e6

2009-yilda taqdim etilgan BYD e6 esa kompaniyaning birinchi sof elektromobili bo‘ldi. Ixcham MPV ko‘rinishidagi bu modelda LFP (litiy temir-fosfat) batareya ishlatilgan. Dastlabki versiya 61 kVt/soat sig‘imga ega edi. Bir zaryadda 300 km, keyinchalik 80 kVt/soatli versiya esa 400 km masofani bosib o‘ta olgan.

Foto: Vikipediya

e6 modelining maksimal tezligi 140 – 150 km/soat, quvvati esa shaharda va shahar atrofi uchun yetarli darajada edi. 2011-yilda uning narxi 369 800 yuan (taxm. $58 ming) etib belgilangan. Ammo Shenzhen shahrida hukumat subsidiyasi tufayli 249 800 yuan ($38 ming) gacha arzonlashgan.

Foto: Vikipediya

BYD e6 dastlab taksi xizmati uchun mo‘ljallangan. 2010-yildan boshlab Shenzhen, Pekin, Singapur, AQSh va Kolumbiyada sinov tariqasida foydalanila boshlandi. Model o‘zining ishonchliligi bilan mashhurlikka erishdi. 2016-yilda Xitoyda eng ko‘p sotilgan sof elektromobil bo‘ldi.

BYD Qin

2013-yilda BYD o‘zining ikkinchi avlod BYD Qin modelini taqdim qildi. Bu mashina kompaniya tarixida yangi bosqichni boshlab berdi. U «Dynasty Series» qatorining ilk vakiliga aylandi.

Foto: Vikipediya

Model 1,5 litrli turbobenzin dvigateli (154 ot kuchi) va elektr motor kombinatsiyasi bilan jami 303 ot kuchi (440 Nm moment) ishlab chiqara olgan. 0–100 km/soat tezlanishni esa atigi 5,9 soniyada bajarardi. Bu o‘sha paytda gibrid avtomobillar orasida rekord natija edi.

Batareyasi 13 kVt·soat sig‘imli bo‘lib, faqat elektr rejimida 70 km yurish imkonini bergan. O‘rtacha yonilg‘i sarfi 100 km uchun 2 litr atrofida bo‘lgan. Qin modeli Xitoyda 189 800 yuan ($31 ming) narxda sotuvga chiqib, subsidiyalar tufayli 154 800 yuan ($25 ming) gacha arzonlashgan.

Bozorga chiqqanidan so‘ng Qin qisqa muddatda Xitoydagi eng ko‘p sotilgan gibrid avtomobil bo‘ldi. Bu muvaffaqiyat BYD’ning xalq orasida ommalashishiga va keyingi ilg‘or modellarga – Tang va Han – yo‘l ochib berdi.

Tang elektromobili

2015-yilda BYD o‘zining ilk yirik krossover SUV turidagi BYD Tang modelini taqdim etdi. Model bir yil avval, 2014-yil Pekin avtosalonida ilk bor namoyish qilingan edi. Mashina o‘z nomini Xitoy tarixidagi qudratli Tang sulolasidan oldi.

Foto: Vikipediya

Texnik jihatdan, BYD Tang kompaniya uchun yangi bosqich bo‘ldi. Chunki u birinchi marta SUV sinfida elektrlashtirilgan model edi. Mashina 2,0 litrli turbobenzin dvigateli (151 kVt yoki 202 ot kuchi) va ikkita elektromotor bilan jihozlangan. Ularning umumiy quvvati 500 ot kuchi (370 kVt) va 820 Nm momentga teng bo‘lib, Tang o‘z davrida dunyodagi eng kuchli gibrid yo‘ltanlamaslar qatoriga kirdi.

Tezlanish ko‘rsatkichi hayratlanarli. Avtomobil 0 dan 100 km/soatgacha 4,5-4,9 soniyada tezlanadi. Shu sababli uning korpusida «5-4-2» belgisi tushirilgan: 5 soniyadan tez tezlanish, to‘rt g‘ildirakli tortish va 100 km uchun 2 litr yonilg‘i sarfini bildiradi.

Foto: Avto.ru

Tang modelida 18,4 kVt·soat sig‘imli LFP batareya o‘rnatilgan bo‘lib, u faqat elektr rejimida 80 km masofani bosib o‘ta olgan. Narxi esa uning texnologik darajasiga mos edi — 2015-yilda Xitoyda 260–300 ming yuan (taxminan $40–48 ming), subsidiyalar bilan esa 220 ming yuan ($35 ming) atrofida sotilgan.

Tang bozorda katta muvaffaqiyat qozondi. 2016-yilda u Xitoyda eng ko‘p sotilgan elektromobil bo‘ldi, shuningdek, dunyoda eng ko‘p sotilgan plug-in gibrid avtomobil sifatida e’tirof etildi. Keyinchalik, 2018-yildan boshlab Tang‘ning ikkinchi avlodi ishlab chiqarila boshlandi va u Yevropa, jumladan Norvegiya bozoriga ham eksport qilindi.

BYD e5

2015-yilda BYD yana bir muhim modelini – BYD e5 ni Xitoy bozoriga chiqardi. Bu kompaniyaning to‘liq elektr sedani bo‘lib, u avvalgi Surui (F3) benzinli avtomobilining elektrlashtirilgan talqini edi. e5 BYD lineykasida e6 dan keyingi ikkinchi sof elektromobil bo‘ldi va asosan taksi xizmatlari va korporativ transport uchun mo‘ljallandi.

Foto: Vikipediya

BYD e5 LFP tipidagi batareyaga ega bo‘lib, dastlabki versiyada 65 Ah sig‘im bilan 220 km, keyingi versiyada esa 300 km masofani bosib o‘tgan. Elektr motori 80 kVt (107 ot kuchi) quvvatga ega bo‘lib, maksimal tezligi 140 – 150 km/soatga yetgan. Keyinchalik ayrim talqinlarda quvvat 160 kVt gacha oshirilgan.

Narxi jihatidan e5 BYD’ning eng arzon elektromobillaridan biri bo‘ldi. Hukumat subsidiyalarini hisobga olganda, uning boshlang‘ich narxi 140 ming yuan (taxm. $22 ming) atrofida edi. Bu modelning ommalashishiga sabab bo‘ldi – Xitoyning ko‘plab shaharlarida minglab e5 elektromobillari taksi sifatida ishlatila boshlandi.

Foto: Auto in China

BYD e5 2017 – 2020-yillarda nafaqat Xitoy, balki Janubiy Amerika davlatlarida ham (masalan, Chili va Ekvador) shahar taksisi sifatida keng qo‘llanildi. 2020-yildan so‘ng e5 o‘rnini yangilangan BYD Qin EV modeli egalladi. Shunga qaramay, e5 BYD’ning elektr transportni ommalashtirish yo‘lidagi muhim qadami sifatida tarixda qoldi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan «BYD tarixi: akkumulyator ishlab chiqarishdan elektromobil bozorigacha bosib oʻtilgan yoʻl» nomli maqolasini e’lon qilgan edi.