
GAC kompaniyasiga tegishli GAC Hyptec SSR avtomobili 213,5 km/soat tezlikda jahon rekordini o‘rnatdi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda. Avtomobil 213,523 km/soat tezlikda drift bajargan.
Rekord haqida
Rekord 4-noyabr kuni e’lon qilindi. U Guinness World Records’ning «Eng tezkor elektr drift» toifasida tasdiqlandi. Reglamentga ko‘ra, avtomobil kamida 30 daraja burchak ostida drift holatini saqlab, 207 km/soatdan yuqori tezlikda kamida 50 metr masofani bosib o‘tishi kerak edi. Hyptec SSR bu mezonlarni ortig‘i bilan bajargan.
Driftni professional haydovchi Ye Chicheng amalga oshirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday natijaga erishish uchun avtomobilning boshqaruv tizimlari va haydovchi harakati mukammal muvofiqlashtirilgan bo‘lishi lozim. Ushbu rekord Xitoyning 15-Milliy o‘yinlariga bag‘ishlangan reklama filmi uchun maxsus suratga olingan.
GAC guruhi raisi Fen Szinya bu yutuqni Xitoy muhandislik sohasidagi katta qadam sifatida baholagan. Rekord rasmiy tarzda Genness ekspertlari tomonidan tasdiqlangan.

Model haqida nimalar ma’lum
Hyptec SSR GAC kompaniyasining 2022-yilda taqdim etilgan birinchi seriyali elektr superkari. U 2024-yilda «Hyper» brendi «Hyptec» nomiga o‘zgartirilgan. Modelning Standard, Ultimate va Track versiyalari mavjud bo‘lib, narxlari mos ravishda 1,286 mln yuan ($176 ming), 1,386 mln yuan ($190 ming) va 1,686 mln yuan ($231 ming)ni tashkil etadi.
Uch motorli tizimga ega avtomobilning umumiy quvvati 900 kVt dan ortiq, 0 dan 100 km/soatgacha tezlanishi 1,9 soniya, maksimal tezligi esa 251 km/soat.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan 17 ming dollarlik GAC Aion i60 elektromobili oldindan savdoga chiqqani haqida yozgan edi.