Hech bir xodim ko‘chada pensiyani oshirib berishni taklif qilmaydi — Pensiya jamg‘armasi firibgarlardan ogohlantirdi

Hududlarda ayrim shaxslar «pensiya miqdorini oshirib beramiz» degan yolg‘on va’dalar bilan fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritishga va ulardan pul talab qilishga urinish holatlari kuzatilmoqda. Bu haqda Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi ma’lum qildi.
Pensiya miqdorini oshirish faqat Pensiya jamg‘armasining tuman va shahar bo‘limlari tomonidan amalga oshiriladi. Fuqarolarda pensiyani qayta hisoblash uchun asoslar mavjud bo‘lganda, ular faqat rasmiy bo‘limlarga murojaat qilishlari lozim.
«Pensiya jamg‘armasining hech bir xodimi fuqarolarga ko‘chada pensiya miqdorini oshirib berishni taklif qilmaydi. Begona shaxslarga pasport, plastik karta yoki JShShIR raqami kabi shaxsiy ma’lumotlaringizni hech qachon taqdim qilmang», — deyiladi jamg‘arma xabarida.
Shuningdek, jamg‘arma shubhali holatlar aniqlanganda, 1271 yoki 102 raqamlariga xabar berish lozimligini qo‘shimcha qildi.
Avvalroq «Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar va lavozimlar ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlangandi. Ushbu nizom zararli yoki xavfli ish sharoitiga ega ish joylarini imtiyozli pensiya ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha yagona talablarni belgilaydi. Xodimlardan kelib tushgan takliflar ikki nusxada tayyorlanib, ish beruvchi hamda kasaba uyushmasi qo‘mitasiga yuboriladi.