
Tovuq sho‘rva — har qanday oila kechki ovqatining eng klassik va sevimli variantlaridan biri. U yengil, hazm qilinishi oson taom. Kuz-qish mavsumida iliq sho‘rva tanani isitadi, immunitetni mustahkamlaydi va oilaviy dasturxonga mos tushadi. U milliy oshxonada qadimdan sog‘lom, tabiiy va tez tayyorlanadigan taom sifatida qadrlanadi. Kursiv Uzbekistan bugun kechki ovqatga tovuq sho‘rva tayyorlashda yordamlashadi.
| Masalliqlar (4-5 kishi uchun) | Miqdori |
|---|---|
| Tovuq go‘shti (oyoq, ko‘krak yoki aralash) | 600–700 gr |
| Kartoshka | 3–4 dona |
| Sabzi | 1 dona (katta) |
| Piyoz | 1 dona |
| Suv | 2,5–3 litr |
| Tuz, qora murch | ta’bga ko‘ra |
| Pomidor | 1-2 dona |
| Lavr yaprog‘i | 2 dona |
| Ko‘katlar (ukrop, petrushka) | bezash uchun |
Tayyorlash bosqichlari: tovuqni qaynatish
Tovuq yaxshilab yuviladi va bo‘laklarga bo‘linadi. Qozonga solinib, ustidan toza sovuq suv quyiladi. Qozon o‘rtacha olovga qo‘yilib, suvi qaynaguncha pishiriladi. Qaynash paytida yuzaga chiqqan ko‘piklar ehtiyotlik bilan olinadi.
Sabzavotlarni qo‘shish
Tovuq suvi tiniqlashgach, to‘g‘ralgan sabzi va piyoz qo‘shiladi. Pomidor sal kattaroq shaklda to‘g‘rab, solinadi. Shu bilan birga lavr yaprog‘i va oz miqdorda tuz solinadi. So‘ngra kartoshka kubik shaklida to‘g‘raladi va sho‘rvaga qo‘shiladi. Olovni pasaytirib, sabzavotlar va go‘sht yumshaguncha, taxminan 25–30 daqiqa davomida qaynatiladi. Sho‘rva tayyor bo‘lish arafasida qora murch (xohishga ko‘ra ushbu vaqtda guruch yoki tayyor xamir bo‘laklarini qo‘shish ham mumkin) solinadi. Agar kerak bo‘lsa, tuz qo‘shiladi va sho‘rva yana bir necha daqiqa damlanadi.
Bezash va dasturxonga tortish
Sho‘rva idishlarga quyiladi, har porsiyaga tovuq go‘shti va sabzavotlar ajratiladi. Ustiga mayda to‘g‘ralgan ko‘katlar sepiladi. Tovuq sho‘rvasi issiq holda dasturxonga tortiladi. Yonida yangi non, suxarik yoki yengil salat bilan berish tavsiya etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan xonimning tayyorlanish jarayoni haqida ma’lumot bergandi.