
Moliya olamiga qiziqadiganlar va undagi haqiqiy voqaealarni ko‘rishni istaganlar uchun Kursiv Uzbekistan «Katta o‘yin» (The big short) filmini tavsiya etadi.
Film 2015-yilda suratga olingan bo‘lib, unda 2008-yilgi global moliyaviy inqirozning sabablari, ko‘zga ko‘rinmaydigan risklar va bank tizimidagi manipulyatsiyalar juda yorqin tarzda ko‘rsatilgan.
Filmning markazida bir nechta mustaqil investorlar va moliya mutaxassislari turadi. Ular uy-joy kredit bozori shishirilayotganini erta sezib, kompaniyalarga qarshi sarmoya (short) tikishadi. Soha ichidagi yolg‘on tizim ochiladi – reyting agentliklaridan tortib banklardagi murakkab derivativlarga (shartnoma) qadar va bu qaror oxir-oqibat katta o‘yin sifatida tarixga kiradi.
Film real faktlarga asoslangan, oson tilda moliyaviy mexanizmlarni tushuntirib beradi, shu bilan birga, pul bilan o‘yin, axloqiy tanlovlar va xato tizimning oqibatlari kabi mavzularni ham ochib beradi.
Umuman olganda, u moliyaga qiziqadiganlar uchun dars, ogohlantirish va ayni paytda juda kuchli dramatik kino. Filmda Kristian Beyl, Stiv Karel, Rayan Gosling kabi aktyorlar ta’sirchan rol ijro etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Xavf chegarasi» filmi haqida ma’lumot bergandi.