
Pop Mart do‘konlar tarmog‘i asoschisi, Labubu o‘yinchoqlari bilan mashhur Van Nin Xitoyning eng boy tadbirkorlari reytingida o‘ninchi o‘rinni egalladi. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, uning boyligi $22,3 mlrdga yetgan.
Reytingda birinchi o‘rinni TikTok’ga egalik qiluvchi ByteDance kompaniyasi asoschisi Chjan Imin egallagan – uning boyligi $65,5 mlrd. Ikkinchi o‘rinda Nongfu Spring brendi egasi Chjung Shanshan ($58,7 mlrd), uchinchi o‘rinda esa Tencent kompaniyasi va WeChat ilovasi yaratuvchisi Ma Xuateng ($52,2 mlrd) joylashgan.
Keyingi o‘rinlarda: Xiaomi asoschisi Ley Tsyun ($46,2 mlrd), NetEase rahbari Uillyam Din ($42,4 mlrd), Pinduoduo va Temu asoschisi Kolin Xuan ($37,9 mlrd), Midea Group egasi Xe Syanzyan ($27,9 mlrd), Alibaba Group asoschisi Jek Ma ($25,7 mlrd) va BYD avtomobil ishlab chiqaruvchisi rahbari Van Chuankfu ($24,5 mlrd) qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Labubu ishlab chiqaruvchisi foydasini 400 foizga oshirgan edi.