Yangiliklar

O‘zbekiston chorvachilikni rivojlantirish uchun OTBdan 63 mln dollar oladi

Import qilinadigan naslli qo‘y, echki va qoramollar uchun subsidiya muddati 2030-yilgacha uzaytirildi
Foto: Pixels.com

O‘zbekiston yaylovlarni tiklash va chorvachilikni rivojlantirish maqsadida Osiyo taraqqiyot banki (OTB)dan $63 million miqdorida mablag‘ jalb qiladi.

Loyihaning asosiy maqsadi yangi quduqlar qazish, o‘simlik qoplamini boyitish va dronlar yordamida ekin maydonlarini yangilashdir. O‘zbekiston chorvachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash va aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida yangi tashabbusni boshlamoqda.

Hujjatga ko‘ra, mamlakat uch yil ichida qoramol sonini 445 ming boshga, qo‘y va echkilarni 1,7 million boshga, parranda sonini esa 10,3 millionga yetkazishni rejalashtirmoqda. Baliqchilik hajmi ham 54 ming tonnagacha oshiriladi.

Import qilinadigan naslli qo‘y, echki va qoramollar uchun subsidiya muddati 2030-yilgacha uzaytirildi. Shu bilan birga, naslli jo‘jalar uchun subsidiyalar faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilinganda beriladi.

2026 – 2027-yillarda esa tirik qoramol, qo‘y va echkilar importi uchun QQSni 180 kungacha kechiktirib to‘lash imkoni yaratiladi. Shuningdek, yem-xashak ekiladigan yerlarni onlayn auksion orqali ijaraga olishda ishlab chiqaruvchilarga besh yilgacha bo‘lib to‘lash sharti bilan imtiyozlar beriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan xorijdan keltirilgan chorva mollari uchun subsidiya muddati uzaytirilishi haqida xabar bergan edi.