Avto

O‘zbekistonga joriy yil boshidan buyon 56 mingta avtomobil import qilindi

Eng ko‘p yengil avtomobil yetkazib bergan davlatlar orasida Xitoy birinchi o‘rinda
O‘zbekiston joriy yil boshidan buyon 56 ming avtomobil import qildi
O‘zbekiston joriy yil boshidan buyon 56 ming avtomobil import qildi / Foto: depositphotos

2025-yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonga 29 davlatdan umumiy qiymati $807,3 million bo‘lgan 56,3 ming dona yengil avtomobil (elektromobillar ham qo‘shilgan) import qilindi.

Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan deyarli ikki ming donaga ko‘p. Ushbu davrda eng ko‘p yengil avtomobil yetkazib bergan davlatlar orasida Xitoy (52 ming) birinchi o‘rinda turadi. Shuningdek, Koreya respublikasi (2,5 ming), AQSh (511 dona), Yaponiya (296), Germaniya (265), Gonkong (249), Rossiya (171) va Hindiston (168) ham asosiy yetkazib beruvchilar qatoridan joy oldi.

Bundan tashqari, BAA va Avstriya kabi boshqa davlatlardan ham avtomobil importi amalga oshirildi, ammo ular 100 donaga ham yetmagan.

Avvalroq sentabr oyida O‘zbekistonga elektromobil importi keskin oshgani xabar qilingandi. Unga ko‘ra, import qilingan avtomobillarning umumiy qiymati $114,4 millionni (11,5 ming dona) tashkil etdi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan qiymat jihatdan 7,4 baravarga ko‘p. Bojxona qoʻmitasi ma’lumotlariga koʻra, yil boshida elektromobil importi past boʻlgan — yanvarda 613 dona, fevralda 942 dona, martda 1,1 mingta keltirilgan, ammo keyinchalik o‘sish kuzatilgan.