O‘zbekistonda 150 mingga yaqin kishi o‘ziga kreditni taqiqladi

2025-yil 1-oktabr holatiga ko‘ra, «Kreditga taqiq» xizmatiga jami 149,5 ming nafar jismoniy shaxs ulangan. Kredit-axborot tahlil markazi (KATM) kredit byurosiga ko‘ra, ulardan 101,5 ming nafari erkaklar, 48 mingga yaqini ayollar.
Yosh toifasi bo‘yicha eng ko‘p 26-35 yoshdagi 50,2 ming kishi, keyingi o‘rinlarda 36-45 yoshdagi 38,5 ming, 26 yoshgacha 28,7 ming, 46-55 yoshdagi 18,8 ming va 56 yoshdan yuqori 13,5 ming fuqaro kreditga taqiq qo‘ygan.
Mazkur xizmat fuqarolarning o‘z ma’lumotlaridan noqonuniy foydalanib kredit rasmiylashtirib qo‘yish holatlaridan himoyalanish imkonini beradi. Xizmatni onlayn yoki oflayn tarzda mustaqil yoqish hamda o‘chirib qo‘yish mumkin. Xizmatdan foydalanish bepul hisoblanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan kreditga taqiq qo‘yish xizmatidan foydalanish tartibini tushuntirgandi.