
2025–2026-yilgi mavsumda O‘zbekiston tarixida ilk bor Ochiq Respublika xokkey chempionati o‘tkaziladi. Bu haqda Xokkey Federatsiyasi Kursiv uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Musobaqada besh jamoa ishtirok etadi. Ularning uchtasi O‘zbekistondan bo‘lsa, ikkitasi Qirg‘izistondan.

O‘zbekiston sharafini «Humo» (Toshkent), «Sherdor» (Samarqand) va «Binokor» (Toshkent) klublari himoya qiladi. Qirg‘iziston esa Bishkek shahridan «Alga» hamda «Uchur» jamoalari bilan qatnashadi.
Chempionatning dastlabki o‘yinlari 6–10-noyabr kunlari «Bishkek» Arenada bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston chempionati ilk bor ochiq maqomga ega bo‘lib, xorijiy jamoalarga ham ishtirok etish imkonini beradi.
Federatsiya vakillarining ta’kidlashicha, xorijiy klublarning ishtiroki mahalliy xokkeychilarning mahoratini oshiradi va mintaqada sportning yanada rivojlanishiga turtki beradi.

Mahalliy jamoa o‘yinchilari keyinchalik O‘zbekiston yoshlar va kattalar terma jamoalari tarkibiga kiritiladi. Ushbu terma jamoalar 2026-yil mart–aprel oylarida o‘tkaziladigan Jahon chempionatida ishtirok etishadi. Shuning uchun Ochiq chempionat ushbu xalqaro musobaqaga tayyorgarlikning muhim bosqichi bo‘ladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Humo» xokkeychilari kechikkan maosh sabab prezidentga murojaat qilgani haqida yozgan edi.