
Shavkat Mirziyoyev 4-noyabr kuni AQSh prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan Vashingtonga amaliy tashrif bilan keldi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

«Endryus» aviabazasida prezidentni AQSh davlat kotibining o‘rinbosari Kristofer Landau, AQSh–O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm va boshqa rasmiylar kutib oldi.

Tashrif doirasida 5–6-noyabr kunlari O‘zbekiston rahbari Donald Tramp bilan uchrashadi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh yetakchilarining «S5+1» formatidagi sammitida ishtirok etadi.

Shuningdek, prezident AQSh Kongressi va hukumati vakillari, yetakchi kompaniyalar rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazishi va ishbilarmon doiralar bilan davra suhbatida qatnashishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, sal avvalroq Mirziyoyev Qatar amirining taklifiga binoan amaliy tashrif bilan Doha shahrida bo‘lgan edi.