
Keyingi yil boshida Samsung kompaniyasi tomonidan Samsung Galaxy S26 seriyasi taqdim etiladi. Taqdimot yaqinlashgani sari qurilma atrofidagi mish-mishlar, texnik tafsilotlar va dizayn haqidagi ma’lumotlar tobora ko‘paymoqda.
Chiqarilish sanasi
Samsung an’anaga ko‘ra Galaxy S flagmanlarini yanvar–fevral oylarida taqdim etadi. Shunga ko‘ra, Galaxy S26 modeli 2026-yil yanvarida taqdim etilishi, savdolar esa fevral yoki mart oylarida boshlanishi kutilmoqda. Eslatib o‘tamiz, Galaxy S25 2025-yil 22-yanvarda, S25 Edge esa 2025-yil may oyida taqdim etilgan edi.

Protsessor va unumdorlik
Yangi Galaxy S26 flagmani Snapdragon 8 Elite Gen 5 chipi bilan jihozlanadi. Bu 3 nanometrli texnologiyada ishlab chiqilgan zamonaviy protsessor bo‘lib, CPU va GPU chastotalari Samsung uchun alohida optimallashtirilgan.
Sinov natijalariga ko‘ra, yangi chip avvalgi avlodga nisbatan bir yadroda 26 foiz, ko‘p yadroli testda 24 foiz tezroq ishlaydi. Ayrim bozorlar uchun esa Exynos 2600 versiyasi taqdim etilishi mumkin.
Snapdragon 8 Elite 5 energiya tejamkorligi bilan ham ajralib turadi, bu esa batareya ishlash muddatini uzaytiradi.

Displey
Galaxy S26 6,2 dyuymli Dynamic AMOLED ekranga ega bo‘ladi. Ekran Full HD+ (2340×1080 piksel) aniqlikda, 120 Gs yangilanish chastotasi bilan ishlaydi.
Ekranning yorqinligi 2600 nit darajasiga chiqadi, bu esa quyosh ostida ham yuqori ko‘rinish kafolatlaydi. Qurilma Corning Gorilla Glass Victus 2 bilan himoyalangan bo‘lib, tirnalish va yiqilishlarga nisbatan bardoshlidir.
Samsung an’anaviy ravishda AMOLED texnologiyasining yetakchisi bo‘lib qolmoqda — S26 displeyi ham boy ranglar va chuqur kontrast bilan ajralib turadi.
Kameralar
Samsung Galaxy S26’ning kamera tizimi ham yangilanadi.
- Asosiy kamera — 50 MP;
- Ultra keng burchakli modul — 12 MP;
- Telefoto kamera — 10 MP, optik zoom bilan;
- Old kamera — 12 MP.
Yangi sun’iy intellekt tizimi yordamida yorug‘lik past bo‘lgan sharoitlarda ham sifatli suratlar olinadi. Bloomberg‘ning ma’lumotiga ko‘ra, Samsung kamera algoritmini yangilaydi — Gemini o‘rniga Perplexity AI tizimi joriy etiladi.

Smartfon 8K video yozishni qo‘llab-quvvatlaydi, shuningdek, stabilizatsiya tizimi ham yaxshilangan.
Dizayn
Insayderlarga ko‘ra, Galaxy S26 6,9 mm qalinlikka ega bo‘ladi. Bu uni seriyadagi eng yupqa flagmanlardan biriga aylantiradi. Korpus metall ramka va shisha orqa qoplama bilan tayyorlanadi.
Kameralar joylashuvi ham o‘zgargan: endi ular orqa panelda alohida «orolchada» joylashadi. Ranglar haqida hozircha ma’lumot yo‘q, ammo Samsung odatda ularni taqdimotdan oldin e’lon qiladi.
Batareya va quvvatlanish
Galaxy S26 batareyasi 4000–4300 mA·soat sig‘imga ega bo‘ladi. Korpus yanada yupqalashgani sababli sig‘im biroz kamaygan, ammo yangi chipning energiya tejamkorligi bu farqni qoplaydi.
- Simli quvvatlanish: 25 Vt;
- Simsiz quvvatlanish: 15 Vt;
Bu ko‘rsatkichlar o‘ta tez bo‘lmasa-da, Samsung barqarorlik va uzoq xizmat muddatini ustun qo‘ymoqda.

Xotira
Galaxy S26 12 GB RAM bilan ta’minlanadi. Ichki xotira variantlari esa 256 GB, 512 GB va 1 TB bo‘ladi.
Xotira texnologiyasi sifatida UFS 4.0 yoki yangilangan UFS 4.1 standarti qo‘llanilishi kutilmoqda, bu esa ma’lumot almashish tezligini oshiradi.
Tizim va sun’iy intellekt
Yangi flagman Android 16 operatsion tizimi va One UI 8 qobig‘ida ishlaydi. Sun’iy intellekt imkoniyatlari kengaytiriladi:
- jonli tarjima;
- fotosuratlarni aqlli tahrirlash;
- ovozli eslatmalarni matnga aylantirish;
- matnlarni qisqacha bayon qilish kabi funksiyalar yaxshilanadi.
Samsung 7 yil davomida OS va xavfsizlik yangilanishlarini kafolatlaydi, ya’ni Galaxy S26 2033-yilgacha yangilanish oladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy A57 smartfoni qanday xususiyatlarga ega bo‘lishi haqida yozgan edi.