Toshkentda Xitoy–O‘zbekiston ustaxonalari ishga tushirildi

Toshkent shahrida O‘zbekiston va Xitoy hamkorligida yangi ta’lim va innovatsion loyihalar yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.
O‘zbekiston–Xitoy Ikkinchi Ta’lim forumi doirasida Toshkent transport texnikumida «Xitoy–O‘zbekiston telekommunikatsiyalar sanoati ustaxonasi», Shayxontohur politexnikumida esa «Xitoy–O‘zbekiston yangi energiya vositalari ustaxonasi» ochildi.

Mazkur ustaxonalar telekommunikatsiyalar, yashil energiya texnologiyalari, elektrotexnika va energiya tejovchi mexanizmlar yo‘nalishida o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, forumda o‘qituvchi va talaba almashinuvi, qo‘shma o‘quv loyihalari hamda startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha memorandumlar imzolandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston xitoyliklarga vizasiz kirish muddatini 30 kungacha uzaytirgani haqida yozgan edik.