Yangiliklar

«Yangi Andijon – Xonobod» yo‘nalishida pullik yo‘l quriladi

Xitoylik investorlar bilan hamkorlikda
«Yangi Andijon – Xonobod» yo‘nalishida pulli yo‘l quriladi
«Yangi Andijon – Xonobod» yo‘nalishida pulli yo‘l quriladi / Foto: depositphotos

«Yangi Andijon – Xonobod» yo‘nalishida pullik yo‘l quriladi. Bu haqda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, viloyat hokimi xitoylik investorlar bilan loyiha bo‘yicha uchrashuv o‘tkazdi.

«Viloyat rahbarining Xitoyda investorlar bilan uchrashuvidagi kelishuvlarga asosan, «Yangi Andijon — Xonobod» yo‘nalishida pullik yo‘l qurish loyihasi amalga oshirilishi kutilmoqda. Kuni kecha Andijonda investorlar bilan loyihani amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi», – deyiladi xabarda.

Avvalroq O‘zbekistonda quriladigan pullik yo‘llar uchun qonun loyihasi ishlab chiqilgandi. Mazkur qonun loyihasida pullik avtomobil yo‘llarini qurishga faqat muqobil bepul yo‘l mavjud bo‘lganda ruxsat berilishi qayd etildi. Pulli yo‘llardan foydalanish uchun to‘lov miqdori ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlar hisobga olinib, iqtisodiy jihatdan asoslangan bo‘lishi shart.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentdan Samarqand va Andijonga olib boruvchi pullik avtomobil yo‘llari 2026-yildan amaliy bosqichga o‘tishi mumkin. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan 2026 – 2028-yillarga mo‘ljallangan fiskal strategiyada keltirib o‘tildi.