
2026-yilda sog‘liqni saqlash tizimini yanada raqamlashtirish doirasida «103» xizmatida aholi uchun online-shifokor konsultatsiyalari joriy qilinadi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Shuningdek, mavjud elektron dasturlar shifoxonalar va birlamchi tizim muassasalari bilan integratsiya qilinadi.
Joriy yilda Janubiy Koreyaning KOFIH tashkiloti bilan hamkorlikda Toshkent shahri va Samarqand viloyatida simulyatsion o‘quv markazlari tashkil etilib, tez yordam xodimlarining malakasi oshirildi.
So‘nggi sakkiz yilda «103» xizmatining shoxobchalari 818 tadan 1,7 mingga, brigadalar esa 1,6 mingdan 2,9 mingga ko‘paydi. Chaqiruvga o‘rtacha yetib borish vaqti 25 – 30 daqiqadan 10 – 15 daqiqagacha qisqardi.
Avvalroq Toshkentda «Gelik» tez yordam mashinasi bilan to‘qnashgani xabar qilingandi. Hodisa oqibatida ikki kishi tan jarohati oldi. Ular voqea joyida tibbiy yordam olgan. Holat yuzasidan surishtiruv ishlari boshlagan. Rasmiylar haydovchilarga yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilish zarurligini eslatib o‘tgan.