
2026-yildan boshlab o‘zbekistonlik yoshlarni xorijiy BMT ofislariga amaliyotga yuborish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi xabar berdi.
Germaniyaning Bonn shahrida Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilnoza Kattaxanova va BMT Volontyorlar dasturi ijrochi koordinatori o‘rinbosari Andrey Pogrebnyak o‘rtasida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.




Unda 2026-yildan boshlab o‘zbekistonlik yoshlarni dunyoning turli davlatlaridagi BMT ofislariga amaliyot dasturlari orqali yuborish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Shuningdek, 2026-yil — Xalqaro volontyorlik yili deb e’lon qilinganligi munosabati bilan O‘zbekistonda Xalqaro milliy qo‘mita tashkil etish hamda Milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.
Avvalroq O‘zbekistonda yoshlarning «yashil tashabbuslari»ni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilgani xabar qilingandi. Ushbu jamg‘arma yoshlarning ekologik g‘oyalarini amalga oshirish, atrof-muhitni asrash va «yashil» texnologiyalarni targ‘ib etishga xizmat qiladi. Mablag‘lardan tasdiqlangan daromad va xarajatlar smetasi asosida foydalaniladi.