Apple Siri’ni kuchaytirish uchun Google’ning Gemini tizimidan foydalanmoqchi

eʼlon qilindi
Texnogigant Gemini uchun yiliga $1 milliard to‘lashga tayyor
Foto: Unsplash

Apple Google bilan sun’iy intellekt bo‘yicha katta hamkorlik bitimini tuzishga yaqin turibdi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Kelishuvga ko‘ra, Apple Google’ning Gemini texnologiyasidan foydalanish uchun yiliga qariyb $1 mlrd to‘laydi. Gemini modeli Siri ovozli yordamchisining asosiy texnologiyasiga aylanishi mumkin. U kontekstni chuqur tushunish, matnni qismlarga ajratish va murakkab buyruqlarni rejalashtirish kabi funksiyalarni bajaradi.

Manbalar Apple Gemini’ni o‘zining Private Cloud Compute serverlarida ishlatishini bildirgan. Bu yechim foydalanuvchi ma’lumotlarining uchinchi tomonlarga uzatilmasligini kafolatlaydi. Hamkorlik ichki tarzda amalga oshiriladi va jamoatchilikka alohida brend sifatida taqdim etilmaydi. Apple Gemini’ni o‘zining bulutga asoslangan SI tizimi ishga tushirilguniga qadar vaqtinchalik yechim sifatida qo‘llamoqchi.

Apple’ning yangi sun’iy intellekt tizimi 2026-yilda ishga tushirilishi kutilmoqda. Kompaniyalar hozirda bitimning texnik va moliyaviy jihatlarini muhokama qilmoqda. Ekspertlar Apple uchun bu hamkorlik Sirini tezroq rivojlantirish va SI bozorida raqobatchilar bilan tenglashish yo‘lidagi muhim qadam ekanini ta’kidlamoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Amazon Web Services (AWS) va OpenAI o‘rtasida 38 milliard dollarlik kelishuv imzolangani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek