Yangiliklar

AQSh davlat kotibi O‘zbekistonga kelishni rejalashtirmoqda

Marko Rubio 2026-yilda O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda
Рубио
AQSh davlat kotibi O‘zbekistonga kelishni rejalashtirmoqda / Foto: Marko Rubioning X sahifasi

AQSh davlat kotibi Marko Rubio 2026-yilda O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.

«Ehtimol, bu bir haftalik safar bo‘ladi. Shuning uchun biz bunga tayyorlanishimiz va buni birgalikda amalga oshirishimiz kerak», — dedi u.

Amerika tashqi siyosat idorasi rahbarining bu bayonoti 6-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan «С5+1» sammiti oldidan bildirildi. Sammitda Markaziy Osiyo davlat rahbarlari va AQSh prezidenti Donald Tramp ishtirok etadi.

FULL REMARKS: Rubio hosts Foreign Ministers from Central Asia

Sammit davomida tomonlar investitsiya va savdo masalalarini muhokama qiladi. Bu amerikaliklar uchun ish o‘rinlarini yaratish va mintaqa iqtisodiyotini kuchaytirishga yordam beradi. Rubio ta’kidlashicha, tabiiy resurslardan foydalanish borasida mintaqa va Vashington manfaatlari bir-biriga mos keladi.

Davlat kotibi, shuningdek, oxirgi o‘n yil davomida Vashington Markaziy Osiyoga yetarlicha e’tibor qaratmaganini aytdi. U hozirgi AQSh ma’muriyati Markaziy Osiyo davlatlari bilan ikki tomonlama yoki mintaqaviy formatda ishlashga tayyor ekanini bildirdi.

Davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau esa Tramp Markaziy Osiyoning besh davlat rahbarlarini Vashingtonga taklif qilganini, bu esa mintaqa bilan yanada faol hamkorlik qilishga xizmat qilishini qo‘shimcha qildi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Vashington shahridagi qarorgohda AQSh Senatidagi Markaziy Osiyo bo‘yicha kokus hamraisi, senator Stiv Deyns hamda Kongress Vakillar palatasi a’zolari bilan uchrashuvlar o‘tkazgani xabar qilingandi. Muloqotlarda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilingan.