
AQSh hukumati 36 kundan beri ishlamayapti. BBC’ga ko‘ra, bu mamlakat tarixidagi eng uzoq davom etgan hukumat shatdauni hisoblanadi.
Shutdown 1-oktabrda boshlangan. Kongress yangi budjet bo‘yicha kelisha olmagani tufayli hukumat ishini vaqtincha to‘xtatgandi. Natijada hozirgacha ko‘plab davlat xodimlari ish haqi ololmayapti va millionlab amerikaliklar muhim ijtimoiy xizmatlardan foydalana olmayapti.
Demokratlar va Respublika partiyasi orasidagi kelishmovchilik hali ham davom etmoqda. Biroq ayrim siyosatchilar vaziyat yaqin orada yumshashi mumkinligini aytmoqda.
Shatdaun 2019-yilda Donald Tramp davrida 34 kun 21 soat davom etgan va rekord bo‘lgan edi — hozirgi vaziyat uni ham ortda qoldirdi.
Havoda ham xavf kuchaymoqda. Deyarli 13 ming havo harakati dispetcherlari maosh olmasdan ishlayapti. AQSh Transport kotibi ogohlantirishicha, agar shunday davom etsa, parvozlar bekor bo‘lishi, kechikishlar ko‘payishi va ayrim hududlarning havo hududi yopilishi mumkin.
Bundan tashqari, daromadi kam bo‘lgan millionlab amerikaliklarga beriladigan oziq-ovqat yordami ham vaqtincha qisqartirilgan. Sud SNAP dasturi bo‘yicha vaqtinchalik yordam ko‘rsatishni buyurgan bo‘lsa-da, Tramp bu qarorga rozi emasligini bildirib o‘tgan.
Senat budjet bo‘yicha kelishuvni necha bor ovozga qo‘ydi — lekin kelishuvga erishilmagan. Demokratlar past daromadli fuqarolarga tibbiy sug‘urta subsidiyalarini cho‘zishni talab qilmoqda. Respublikachilar esa bunga qarshi. Agar tomonlar yaqin kunlarda kelishuvga erishmasa, vaziyat yanada og‘irlashishi mumkin.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Kanada bilan barcha savdo muzokaralari to‘xtatganini e’lon qilgandi. U bunga sobiq prezident Ronald Reyganning tariflarga qarshi chiqishini aks ettirgan reklama sabab bo‘lganini aytdi.