
Ispaniyaning «Barselona» klubi muxlislarini olib ketayotgan avtobus Belgiyaning Bryugge shahrida yonib ketdi. Muxlislar o‘z vaqtida evakuatsiya qilingan, jabrlanganlar haqida xabar berilmagan. Bu haqda Ispaniyaning Sport nashri xabar berdi.
Hodisa «Bryugge» va «Barselona» uchrashuvi oldidan yuz bergan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda avtobusning orqa qismidan kuchli tutun va alangalar ko‘tarilayotgani ko‘rinadi. Mahalliy favqulodda xizmat xodimlari voqea joyiga tez yetib kelgan va yo‘lovchilarga avtobusni tark etishda yordam bergan.
Avtobusda qancha kishi bo‘lgani ma’lum emas. Hozircha yong‘inning sabablari aniqlanmoqda. «Bryugge» va «Barselona» jamoalari Chempionlar ligasi guruh bosqichining to‘rtinchi turida o‘zaro bellashdi. Uchrashuvda 3:3 hisobidagi jangovar durang qayd etildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Barselona»ning 18 yoshli yulduzi Pau Kubarsi dunyoning eng qimmat himoyachisiga aylangani haqida xabar bergan edi.