
Qozog‘istonda Chevrolet Cobalt sedanlari yana arzonlashdi. Kursiv Media’ga ko‘ra, narxlar pasaygani haqida rasmiy distribyutorning matbuot xizmati tasdiqladi.
Chevrolet Cobalt’ning ikkita modeli narxi 2025-yil noyabr oyida quyidagicha o‘zgargan:
- Optimum at — $11,4 ming (avval – $13,3 ming);
- Elegant at — $12,6 ming (avval – $13,7 ming).
Shunday qilib narxlar $1,1 mingdan $1,9 minggacha pasaydi. Bu Cobalt’ni Qozog‘istondagi eng arzon modellardan biriga aylantiradi.
Brend vakillarining aytishicha, yangi narxlar faqat 2025-yilda ishlab chiqarilgan avtomobillarga tegishli bo‘ladi va 1-dekabrgacha amal qiladi. Mashinani naqd pulga ham, oddiy avtokredit orqali ham sotib olish mumkin.
Cobalt nega arzonlashdi
Ijtimoiy tarmoqda bu bo‘yicha muhokamalar bo‘lmoqda. Ba’zi foydalanuvchilar dilerlar O‘zbekistonda paydo bo‘lgan Midnight versiyasi sotuvga chiqishidan oldin salonlarni bo‘shatyapti deb taxmin qilishdi. Ammo dilerlar bu ma’lumotni rad etmoqda.
Nashrga ko‘ra, narxlar tushishiga asosiy sabab — yil oxirida dilerlar odatdagidek yanada qulay shartlar taklif qilishadi. Shu bois yaqin kunlarda boshqa brendlarda ham shunga o‘xshash aksiyalar paydo bo‘lishi mumkin.
Bundan avval joriy yilning iyul oyi boshida ham mazkur sedan Qozog‘istonda keskin arzonlashgandi. 24-iyunga qadar Optimum komplektatsiyasidagi Chevrolet Cobalt narxi 8,19 million tenge ($15,8 ming) edi. Keyinchalik u 7,29 million tengega ($14 ming) tushirildi. So‘ng esa yana 800 ming tengega ($1,5 ming) arzonlashdi. Narxlarning pasaytirilishi arzon segmentda kuchayib borayotgan Xitoy avtomobillari raqobati fonida yuz bergan.