Yangiliklar

Dunyo bo‘yicha mol go‘shti narxi tarixiy rekordni yangiladi

Narxlarning oshishi ishlab chiqarish pasayishi bilan bog‘lanmoqda
Dunyo bo‘yicha mol go‘shti narxi tarixiy rekordni yangiladi / Foto: Kursiv Uzbekistan

Jahon bozorida mol go‘shti narxi ilk bor $7 dan oshdi. Oktabr oyida bir kilogramm narx $7,1 bo‘lib, bu 1960-yildan beri qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir. Narxlar so‘nggi besh oy davomida uzluksiz o‘sib kelmoqda.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, oktabr oyida mol go‘shti sentabrga nisbatan yana 3 foizga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 17 foizga qimmatlashgan. Mutaxassislar bu jarayonni sut mahsulotlari bozorida kuchaygan raqobat bilan izohlashmoqda. Sut narxining ko‘tarilishi go‘sht yetishtirishga yo‘naltiriladigan qoramol sonining kamayishiga olib kelmoqda.

Narxlarning o‘sishiga AQShdagi ichki vaziyat ham ta’sir qilmoqda. Mamlakatda import go‘shtga talab oshgan, ishlab chiqarish hajmi esa pasaygan. AQSh qishloq xo‘jaligi vazirligi prognoziga ko‘ra, 2025-yilda mol go‘shti ishlab chiqarish 12,2 mln tonnani, eksport esa 1,2 mln tonnani tashkil etadi. Bu o‘tgan yilga nisbatan mos ravishda 1 foiz va 11 foiz kam demakdir. Asosiy sabab sifatida ichki bozorda ozuqa tanqisligi ko‘rsatilmoqda.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqida 1 foizga, Argentinada esa 3 foizga ishlab chiqarish qisqarishi kutilmoqda. Bu davlatlarda noqulay ob-havo sharoitlari tufayli qoramol soni so‘nggi yillarda izchil kamayib bormoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan jahon banki O‘zbekistonga 800 mln dollar ajratgani haqida xabar bergan edi.