
Filippinda «Kalmaegi» to‘foni oqibatida halok bo‘lganlar soni 114 nafarga yetdi, yana 127 kishi bedarak yo‘qolgan. Bu haqda Reuters mamlakat favqulodda vaziyatlar agentligiga tayanib, xabar berdi.
Vyetnamning Gia Lay viloyatida 350 mingga yaqin kishi og‘ir yomg‘ir va kuchli shamol xavfi sababli evakuatsiya qilinishi kutilmoqda. Pasttekisliklarda suv toshqinlari yuz berishi va qishloq xo‘jaligi faoliyatiga zarar yetishi mumkin.

Filippinning Sebu viloyatida suvlar qaytgach vayrona uylari, ag‘darilgan avtomobillar va chiqindilar bilan to‘lib ketgan ko‘chalar ko‘paydi. 200 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilindi.
Fuqarolik mudofaasi rasmiylaridan biri Raffi Alehandro chiqindilarni tezda tozalash zarurligini ta’kidladi. Bu nafaqat bedarak yo‘qolganlarni topish, balki yordam operatsiyalarini davom ettirish va hududni tiklash uchun muhim hisoblanadi.

To‘fon Janubiy Xitoy dengizi orqali Vyetnamga harakat qilmoqda va u yerda bir necha markaziy viloyatlarga, jumladan, qahva yetishtiriladigan hududlarga zarar yetkazishi mumkin. Mahalliy hokimiyat va aviatsiya idoralari xavfsizlikni ta’minlash uchun evakuatsiya va monitoring ishlarini kuchaytirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Karib dengizida «Melisa» to‘foni ham yuzlab kishilarning hayotiga nuqta qo‘ygan edi.