
Isroil qurolli kuchlarining sobiq bosh yuristi, general-mayor Ifat Tomer-Yerushalmi falastinlik mahbuslarga nisbatan zo‘ravonlik aks etgan maxfiy video tarqalishi bilan bog‘liq jinoiy ish doirasida hibsga olindi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Tomer-Yerushalmi 2024-yil iyulida Sde-Tayman harbiy qamoqxonasida sodir bo‘lgan voqea yuzasidan surishtiruv olib borgan. Mazkur video 2024-yil avgust oyida Isroilning 12-telekanalida efirga uzatilganidan so‘ng bir guruh harbiylar qo‘lga olingan, ammo ularning hibsga olinishi o‘ng qanot siyosatchilar noroziligiga va namoyishlarga sabab bo‘lgan.
General-mayor oktabr oyi oxirida lavozimidan chetlatilgan. Bosh prokuror Gali Baxarav-Miara video sizdirilishi bo‘yicha tergov boshlangach, Tomer-Yerushalmi iste’foga chiqib, materiallar tarqalishiga to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga olganini bildirgan. U maktubida o‘ziga qarshi boshlangan fitna kampaniyasini tanqid qilib, bu jarayon armiyaning obro‘siga zarar yetkazayotganini yozgan.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hodisani davlat obro‘siga dahshatli zarar deb baholadi. Mudofaa vaziri Isroel Kats esa Tomer-Yerushalmiga nisbatan harbiy unvonini bekor qilish choralarini ko‘rishini aytdi. Ichki xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir uni yuridik niqob ostidagi jinoyatchilikda aybladi.

General-mayor 3-noyabr kuni Tel-Aviv yaqinidagi sohil hududida topilib, firibgarlik va ishonchni suiiste’mol qilish ayblovlari bilan hibsga olindi. Tergov doirasida yana to‘rt nafar yuqori lavozimli harbiy prokuratura xodimlari gumonlanuvchi sifatida qayd etilgan.
Shu bilan birga, jabr ko‘rgan falastinlik mahbus AQSh vositachiligida imzolangan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi doirasida G‘azoga qaytarilgani sababli ish bo‘yicha sud jarayonining murakkablashishi mumkinligi aytilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu kasallikka chalingani haqida xabar bergan edi.