Yangiliklar

Mamdani g‘alabasi ortidan Isroil vaziri keskin bayonot berdi

Vazir Nyu-York yahudiy jamoasi uchun endi avvalgiday bo‘lmasligini ta’kidladi
Mamdani g‘alabasi ortidan Isroil vaziri keskin bayonot berdi
Foto: Media Mall

Isroilning diaspora va antisemitizmga qarshi kurash masalalari bo‘yicha vaziri Amixay Shikli 5-noyabr kuni Nyu-Yorkdagi yahudiylarni Isroilga qaytishga chaqirdi. Bu haqda The Times of Israel xabar bermoqda.

U bunday murojaatini shaharda musulmon demokrat Zohran Mamdani 4-noyabr kuni mer saylovida g‘alaba qozongach bildirdi.

«Bir vaqtlar erkinlik ramzi bo‘lgan shahar endi Hamas tarafdoriga hokimiyat kalitini topshirdi»,— deya yozdi Shikli.

Shuningdek, vazir Nyu-York yahudiy jamoasi uchun endi avvalgiday bo‘lmasligini ta’kidladi va Isroil yerini yangi uy sifatida tanlashga undadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Nyu-York ochiq ko‘z bilan Londonga o‘xshash halokat sari ketmoqda.

Nyu-Yorkda hozirda 1,3 mlnga yaqin yahudiy istiqomat qiladi, bu Isroildan tashqari eng yirik yahudiy jamoa hisoblanadi. Saylovda 34 yoshli Mamdani 50,4 foiz ovoz to‘plab, mustaqil nomzod Endryu Kuomoni ortda qoldirdi. Kuomo 2011–2021-yillarda Nyu-York gubernatori bo‘lgan, ammo jinsiy zo‘ravonlik ayblovlaridan so‘ng lavozimidan ketgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Zohran Mamdani Nyu-Yorkning birinchi musulmon meri bo‘lgani haqida xabar bergan edi.