O‘zbekiston JSTga a’zolik bo‘yicha yana ikkita davlat bilan muzokaralarni yakunladi

O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayonida Kanada va Panama bilan ikki tomonlama muzokaralarni muvaffaqiyatli yakunladi. Bu haqda prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek Urunov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, bu natijaga JST ishchi guruhining 11-yig‘ilishi doirasida erishilgan. Muzokaralar bozorga kirish shartlari va savdo rejimlariga oid masalalarni o‘z ichiga olgan. Tomonlar muzokaralarni yakunlash to‘g‘risidagi rasmiy protokollarni imzolagan.
Ayni paytda O‘zbekiston JSTga to‘liq a’zolik uchun yana uchta davlat bilan kelishuvga erishishi kerak.
Shuningdek, shu yil oktabr oyi oxirida O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan ham muzokaralarni to‘liq yakunlagan edi. Shundan so‘ng, Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston bilan muzokaralarni tugatgan 31-davlat sifatida JST ro‘yxatiga kiritilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan sentabr oyida O‘zbekiston Argentina, Avstraliya va Gonduras bilan ham JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha protokollarni imzolagani haqida yozgandi. Azizbek Urunovning ta’kidlashicha, yana ikki davlat bilan prinsipial kelishuvlarga erishilgan va bu JSTga to‘liq a’zolik sari muhim qadam sanaladi.