
2–6-noyabr kunlari Abu Dabida ENACT Majlis va ADIPEC-2025 xalqaro forumlari bo‘lib o‘tdi. Unda BAA kompaniyasi bilan Navoiyda energiya saqlash tizimini qurish bo‘yicha shartnoma tuzildi.
O‘zbekiston delegatsiyasiga Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov boshchilik qildi. Forumda energetika tizimlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, barqaror energiya manbalarini rivojlantirish va energiya xavfsizligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Tadbir doirasida BAAning Masdar, AMEA Power, Etihad Waters, Siemens Energy, Honeywell va BP kabi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Tomonlar «yashil energetika» loyihalarini rivojlantirish, tizimlarni modernizatsiya qilish va yangi energiya saqlash texnologiyalarini joriy etish borasida kelishib oldilar.

Bugungi kunda Masdar kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda umumiy quvvati 1 747 MVt bo‘lgan quyosh va shamol elektr stansiyalari barpo etilgan. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida 300 MVt quvvatli yangi quyosh fotoelektr stansiyasi qurilmoqda.
Forum yakunida O‘zbekiston va BAA o‘rtasida Navoiy viloyatida 300 MVt/600 MVt·soat hamda AMEA Power kompaniyasi bilan 200 MVt/800 MVt·soat quvvatli ikki energiya saqlash tizimini qurish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.

Avvalroq «Kursiv» nashri yil yakunigacha O‘zbekistonda yashil energiya ishlab chiqarish hajmi 11 mlrd kVt/soatga yetishi haqida yozgandi.