Yangiliklar

O‘zbekistonda XCM moliyaviy piramidasiga oid surishtiruv boshlandi

XCM loyihasi bir necha oy davomida turli mehnat jamoalarida faol targ‘ib qilingan
Foto: Shutterstock

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgani taxmin qilinayotgan XCM (X Connection Media) nomli moliyaviy piramida bo‘yicha rasmiy tergov harakatlari boshlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov ma’lum qildi.

IIV ma’lumotiga ko‘ra, ushbu platformaning faoliyatida ayrim huquqni muhofaza qilish xodimlari ishtirok etgan bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumotlar mavjud. Shu sababli ichki tekshiruv ham tayinlangan.

XCM loyihasi bir necha oy davomida turli mehnat jamoalarida faol targ‘ib qilingan. Ayrim xodimlar ushbu platformaga ishonib, boshqalarni ham jalb etishga kirishgani aytilmoqda.

Loyihaga qo‘shilish sharti sifatida ishtirokchilardan depozit kiritish talab qilingan, evaziga esa videolarni ko‘rish orqali tez pul topish, shuningdek, yangi odamlarni taklif etganlik uchun qo‘shimcha daromad olish va’dasi berilgan. Ishonib qolgan ayrim fuqarolar hatto kredit olgani, ba’zilar esa mulkini sotib platformaga qo‘shilgani qayd etilgan.

Hozirda XCM faoliyatining qonuniyligi bo‘yicha tergov davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan bir guruh ichki ishlar xodimlari mukofotlangani haqida yozgan edi.