Yangiliklar

O‘zbekistonlik fura haydovchilar Ruminiyaga ishga taklif qilinmoqda

Oylik maosh 2500–2700 yevro
Foto: Turon World

Turon World xususiy bandlik agentligi Ruminiyada fura haydovchisi sifatida ishlashni istagan o‘zbekistonliklar uchun ish o‘rinlarini taklif qilmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, mamlakatda 30 nafar haydovchi uchun bo‘sh o‘rin mavjud bo‘lib, ish shartnomasi doimiy muddatga tuziladi.

Haydovchilar oyiga 208 soat ishlaydi, qo‘shimcha ish soatlari esa alohida to‘lanadi. Oylik maosh 2500–2700 yevro miqdorida belgilangan. Ish beruvchi tomonidan turar joy va tibbiy sug‘urta bilan ta’minlanadi.

Nomzodlardan 21–60 yosh oralig‘ida bo‘lish, CE toifadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lish, kamida 6 oy tajribaga ega bo‘lish, shuningdek chip va taxo kartalariga ega bo‘lish talab etiladi. Sudlanmaganlik to‘g‘risida ma’lumotnoma ham zarur hujjatlar sirasiga kiradi.

Arizalar Xorijda ish platformasi orqali qabul qilinadi. Barcha mehnat shartnomalari bevosita ish beruvchi bilan tuziladi, agentlik esa vositachilik xizmatini ko‘rsatadi.

Avvalroq «Kursiv» nashri o‘zbekistonlik elektriklar Janubiy Koreyada ishga taklif qilinayotgani haqida yozgandi.