Yangiliklar

Rossiya yadroviy qurol sinovini o‘tkazishi mumkin

Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousov yadroviy qurolni sinovdan o‘tkazishga darhol tayyorgarlik ko‘rishni taklif qildi
Rossiya yadroviy qurol sinovini o‘tkazishi mumkin
Rossiya yadroviy qurol sinovini o‘tkazishi mumkin / Foto: depositphotos

Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousov Rossiya Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari bilan o‘tkazilgan tezkor yig‘ilishda yadroviy qurolni sinovdan o‘tkazishga darhol tayyorgarlik ko‘rishni taklif qildi.

Kreml bergan ma’lumotga ko‘ra, bu taklif AQSh prezidenti Donald Trampning AQSh yana yadroviy qurol sinovlarini tiklagani haqidagi bayonotidan so‘ng bildirilgan.

«Biz yadroviy qudratimizni istalgan sharoitda raqibga zarar yetkaza oladigan darajada tayyor tutishimiz kerak. Vashington harakatlariga javoban mamlakatimiz xavfsizligini ta’minlash uchun muhim choralar ko‘rishimiz zarur. To‘liq ko‘lamli yadroviy sinovlarga tayyorgarlikni darhol boshlash maqsadga muvofiq deb hisoblayman. Yangi yer arxipelagidagi markaziy poligon bu sinovni qisqa muddatda o‘tkazish imkonini beradi», – deydi Belousov.

Biroq Federal xavfsizlik xizmati rahbari Aleksandr Bortnikov Putindan bu masalani chuqur o‘rganish uchun vaqt berishni so‘radi.

«Vaziyat juda murakkab. Bu masalaga juda jiddiy yondashish kerak. Ammo aniq qaror qabul qilishdan oldin ko‘plab savollarni o‘rganish zarur. Shu bois sizdan masalani puxta tahlil qilib, takliflar tayyorlash uchun bizga vaqt berishingizni so‘rayman», – deydi u.

Vladimir Putin Rossiya yadroviy sinovlarni taqiqlovchi shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlariga amal qilishda davom etishini, ammo shartnomaning boshqa ishtirokchilari sinov o‘tkazsa, Rossiya ham o‘ziga mos javob choralarini ko‘rishi kerakligini ta’kidladi.

«Shu munosabat bilan Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, maxsus xizmatlar va mas’ul fuqarolik idoralariga bu masalada qo‘shimcha ma’lumot to‘plash, Xavfsizlik kengashi doirasida yadroviy sinovlarga tayyorgarlik bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflarni kiritishni topshiraman», – dedi Putin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp AQShda yadro qurollari sinovlarini qayta boshlashni buyurgandi. Trampning bu qarori 1992-yildan beri davom etayotgan AQShning yadro sinovlari moratoriysini buzishi mumkin. So‘nggi marta AQShda Nevada poligonida yadro sinovi o‘tkazilgan edi. Shundan buyon barcha sinovlar kompyuter modellari orqali amalga oshirilib kelmoqda.