Yangiliklar

Sobiq “Toshturma” hududida mehmonxona qurilishi mumkin — hokimlik

Masala Senat so‘rovi doirasida qayta ko‘rib chiqilmoqda
Sobiq «Toshturma» hududida mehmonxona qurilishi mumkin — hokimlik / Foto: Ochiq manba

Oliy Majlis Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Sayyora Abdikarimova tomonidan Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovga Yunusobod tumani Namangan ko‘chasida joylashgan sobiq 1-sonli tergov hibsxonasi hududida zamonaviy xiyobon qurish taklifi yuzasidan senator so‘rovi yuborilgan edi. Hokimlik so‘rov yuzasidan Senatga ma’lumot berdi.

Toshkent shahar hokimligi tomonidan yuborilgan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, hibsxona 2017-yilda Zangiota tumaniga ko‘chirilgan va uning 2,9 gektarlik yer maydoni 2018-yilda shahar hokimligi ixtiyoriga berilgan. Hujjatlarga muvofiq, ushbu hududda obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, zamonaviy dam olish maskani tashkil etilishi belgilangan edi.

Biroq keyinchalik mazkur yer maydoni 2020-yilda «Ogneupor» MChJga ma’muriy bino qurish uchun kompensatsiya tariqasida ajratilgan. 2024-yilda bino qurilishi yakunlanib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Shu bilan birga, 2024-yilda tasdiqlangan «Toshkent shaharning 2045-yilgacha bo‘lgan bosh rejasi»ga ko‘ra, mazkur hudud «konservatsiya zonasi» sifatida belgilangan bo‘lib, bu yerda yangi binolar qurilishi taqiqlangan.

Hozirda masala Senat so‘rovi doirasida qayta ko‘rib chiqilmoqda, deyiladi hokimlik ma’lumotida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdagi tirbandliklar bo‘yicha senator so‘rovi yuborilgan edi.