To‘qqiz oyda TBC Uzbekistan 439 mlrd so‘m sof foyda ko‘rdi

TBC Uzbekistan 2025-yilning uchinchi choragi va 9 oyi uchun moliyaviy natijalarini e’lon qildi. Kompaniya umumiy operatsion daromadini 87 foizga oshirib, 2,416 trillion so‘mga, sof foydasini esa 28 foizga oshirib, 439 milliard so‘mga yetkazdi. Bu haqda kompaniya Kursiv’ga ma’lum qildi.
Raqamli bank ekotizimining o‘sishiga foydalanuvchilar sonining ortishi va yangi mahsulotlar sabab bo‘ldi. TBC Uzbekistan tarkibiga TBC Bank, Payme, TBC Nasiya, TBC Sug‘urta va BILLZ platformalari kiradi.
O‘sish ko‘rsatkichlari
30-sentabr holatiga ko‘ra, kredit portfeli 11,75 trillion so‘m, depozitlar hajmi esa 6,54 trillion so‘mni tashkil etdi. Bank xizmatlaridan foydalanuvchilar soni 28 foizga ortib, 21,8 million kishiga yetgan.
Payme ilovasida faol merchantlar soni 13,2 mingga yetdi — bu o‘tgan yilga nisbatan 90 foiz o‘sish degani. Sentabr oyida to‘lovlar uchun 10 mingdan ortiq QR-kod faol ishlatilgan.
Yangi mahsulotlar va xizmatlar
Yil davomida 723 ming Salom Card va 85 ming Osmon Card chiqarildi. Ayniqsa, Salom Card mijozlar orasida kundalik to‘lovlar uchun eng mashhur vositaga aylanmoqda.
Kichik va o‘rta biznes uchun kredit portfeli chorak davomida 34 foizga o‘sdi. TBC bu segmentdagi bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida TBC Business platformasi orqali keng qamrovli bank xizmatlarini taklif qilmoqda.
Payme Plus obunasi ham tez ommalashib bormoqda — oylik faol foydalanuvchilar soni 300 ming nafardan oshgan.
Strategik kengayish va yangi sherikliklar
TBC Bank Group avgust oyida OLX Uzbekistan aksiyalarining nazorat paketini sotib oldi. Bu kelishuv TBC’ga yangi onlayn bozor segmentiga kirish imkonini berdi. Shuningdek, BILLZ SaaS-platformasining qo‘shilishi savdo hamkorlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri kredit olish imkoniyatini yaratadi.
Sun’iy intellekt integratsiyasi
TBC Uzbekistan AI texnologiyalarini faol joriy etmoqda. 2025-yil sentyabr holatiga ko‘ra, AI-agentlar kredit eslatmalarining 90 foizini avtomatik amalga oshirgan. Savdo bo‘yicha AI-bot oyiga 100 mingdan ortiq mijoz bilan muloqot qilgan. Yil oxiriga qadar bank ilovasida SI yordamchisi ishga tushiriladi.
«TBC Uzbekistan 3-chorakda kuchli o‘sishni saqlab qoldi. Mijozlarimizning Salom Card va biznes xizmatlariga bo‘lgan yuqori ishonchi bizni yanada ilhomlantiradi. Shuningdek, Toshkentda eng taniqli bank brendiga aylanganimizdan faxrlanamiz», — dedi TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdiani.
Avvalroq «Kursiv» nashri TBC Uzbekistan O‘zbekiston iqtisodiyotiga $460 mlndan ortiq sarmoya kiritgani haqida yozgandi.