Yevropa Ittifoqi rossiyaliklar uchun viza qoidalarini yanada qat’iylashtiradi

eʼlon qilindi
Yangi tartiblar kuchga kirgach, rossiyaliklar asosan faqat bir martalik Shengen vizalarini oladi
Foto: Swiss Helping Point

Yevropa Ittifoqi Rossiya fuqarolari uchun ko‘p martalik Shengen vizalarini berishni amalda to‘xtatadigan yangi qoidalarni joriy etishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Politico nashri xabar bermoqda.

Yangi tizim bo‘yicha rossiyaliklarga faqat bir martalik kirish vizasi beriladi. Faqat gumanitar sabablar yoki Yevropa Ittifoqi fuqaroligiga ega shaxslar bundan mustasno bo‘ladi. 2022-yil oxirida YI Rossiya bilan vizani yengillashtirish to‘g‘risidagi bitimni bekor qilganidan so‘ng viza olish jarayoni allaqachon qiyinlashgan edi.

Boltiqbo‘yi davlatlari esa bundan ham keskinroq choralar ko‘rib, rossiyaliklarning kirishini to‘liq taqiqlagan yoki keskin cheklagan. Shunga qaramay, viza berish masalasi milliy vakolat doirasida qoladi. Yevrokomissiya jarayonni murakkablashtirishi mumkin, ammo Rossiya fuqarolari uchun umumiy taqiq joriy eta olmaydi.

2024-yilda yarim milliondan ortiq rossiyaliklar Shengen vizasini olgan, bu 2023-yilga nisbatan ko‘p, biroq urushgacha bo‘lgan davrdagi, 2019-yildagi 4 milliondan ancha kam. Eng ko‘p vizalar Vengriya, Fransiya, Ispaniya va Italiya tomonidan berilgan.

Yangi qoidalar bu hafta rasman qabul qilinib, kuchga kiritilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, YI Rossiya diplomatlarining Shengen hududi bo‘ylab harakatlanishini cheklaydigan 19-paket sanksiyalarni ham tayyorlamoqda. Diplomatlar endi har qanday safardan oldin mezbon davlatlarni xabardor etishi shart bo‘ladi. Bu esa Kremlning josuslik faoliyatiga qarshi chora sifatida ko‘rilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Turkiya AQSh sanksiyalaridan so‘ng Rossiyadan neft importini kamaytirgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek