AQSh va O‘zbekiston savdo kelishuvi fond bozoriga qanday ta’sir qiladi

AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo kelishuvi bir qator kompaniyalarning aksiyalariga ta’sir qilishi mumkin. Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida O‘zbekiston bilan yangi savdo va investitsiya bitimi imzolangani haqida xabar qoldirgandi.
Trampning yozishicha, kelgusi uch yil ichida O‘zbekiston AQSh iqtisodiyotiga qariyb $35 milliard miqdorida sarmoya kiritadi. Keyingi o‘n yil davomida esa umumiy investitsiyalar hajmi $100 milliarddan oshishi kutilmoqda.
«Bu mablag‘lar AQShning asosiy sohalariga — muhim minerallar, aviatsiya, avtomobil ehtiyot qismlari, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, energetika, kimyo va axborot texnologiyalariga yo‘naltiriladi», — deb yozdi Tramp.
Bu fond bozoriga qanday ta’sir qiladi
TipRanks xabariga ko‘ra, AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi yangi savdo-iqtisodiy kelishuv fond bozoriga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ayniqsa, aviatsiya, infratuzilma, texnologiya va energetika sohalaridagi kompaniyalar bundan foyda ko‘rishi kutilmoqda.
Masalan, Boeing va Caterpillar kompaniyalari o‘z mahsulotlariga bo‘lgan talab ortishini sezishi mumkin. Shuningdek, Tesla hamda Industrial Select Sector SPDR Fund, Technology Select Sector SPDR Fund va Energy Select Sector SPDR Fund kabi fondlarga investorlarning qiziqishi oshishi ehtimoli bor.
Nashr bu bitimdan ta’sir ko‘rishi mumkin bo‘lgan ayrim aksiyalar ro‘yxatini e’lon qildi:
- Boeing (BA -0.57%);
- Caterpillar (CAT +0.11%);
- Tesla (TSLA -3.50%);
- Industrial Select Sector SPDR Fund (XLI -0.40%);
- Technology Select Sector SPDR Fund (XLK -2.01%);
- Energy Select Sector SPDR Fund (XLE +0.97%).
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev AQShning bir qator kompaniya va rasmiylari bilan uchrashgani haqida xabar bergan edi. U AQSh Eksport-import banki rahbari Jon Yovanovich bilan uchrashib, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, AT va muhim minerallar sohalaridagi yirik loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.