BMT Suriya rahbarlariga qarshi sanksiyalarni bekor qildi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi Suriya prezidenti Ahmad Ash-Shara va Ichki ishlar vaziri Anas Xattabga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Ash-Shara dushanba kuni Oq Uyda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashadi. Tramp Shara faoliyatini ijobiy baholab, sanksiyalarning bekor qilinishi Suriyaga yangi imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi.
«Suriya juda murakkab hudud, lekin Shara bilan yaxshi til topisha oldik. U mamlakat boshqaruvida muhim natijalarga erishdi», — dedi Tramp uni maqtov bilan tilga olib.
Qabul qilingan rezolyutsiya Shara va Xattabga qo‘yilgan sayohat cheklovi, aktivlarni muzlatish va qurol embargosini bekor qiladi. Shu bilan birga, hujjatda Suriyada terrorchilik va xavfsizlik bilan bog‘liq masalalarni qat’iy nazoratda saqlash zarurligi qayd etilgan.
Xitoy rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlamadi, chunki hujjat Suriyadagi xavfsizlik tahdidlari va kontrterrorizm muammolarini yetarlicha aks ettirmaganini bildirdi. Rossiya esa rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatladi. Moskva urush davomida Assadni diplomatik jihatdan himoya qilib kelgan va BMTda bir necha bor veto qo‘llagan.
Suriya BMTdagi elchisi Ibrohim Olabi qarorni mamlakatni tiklash jarayoniga ijobiy turtki beruvchi xabar sifatida baholadi. Uning aytishicha, yangi Suriya konstruktiv siyosiy yondashuv va xalqaro hamkorlik orqali muvaffaqiyatga erishishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, sal avvalroq Ash-Shara Putin bilan uchrashgan va undan Bashar Asadni topshirishni so‘ragan edi.