Boss nomidan noqonuniy foydalangan kompaniyaga chora ko‘rildi

Xorijiy brend nomidan noqonuniy foydalangan kompaniyaga mahsulotlarini yo‘q qilish topshirildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, Germaniyaning Hugo Boss kompaniyasi Boss tovar belgisidan «D.W.» MChJ noqonuniy foydalanilayotgani bo‘yicha murojaat yo‘llagan. Tekshiruvda ushbu shirkat tomonidan xorijiy brend nomi ostida kontrafakt mahsulotlar sotuvga chiqarilganligi ma’lum bo‘ldi.
Natijada «D.W.» MChJga nisbatan ta’sir choralar ko‘rildi va saqlanib turgan 173 dona kontrafakt mahsulotni yo‘q qilish majburiyati yuklandi. Vazirlik tadbirkorlardan o‘z brendini ro‘yxatdan o‘tkazishni va noqonuniy foydalanish holatlari bo‘yicha 1008 qisqa raqamiga xabar berishni so‘ramoqda.
Avvalroq Ahangaron Hygienic Pro korxonasi «Kimberly-Clark» MChJga tegishli bo‘lgan Huggies savdo belgisidan ruxsatsiz foydalangani xabar qilingandi. Unga ko‘ra, korxonaga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, qonunbuzarlik deb topildi hamda moliyaviy jarima qoʻllash haqida qaror qabul qilindi. Shuningdek, bunday holatlarning kelgusida takrorlanmasligi uchun korxonaga koʻrsatma berildi.