
Farg‘onada 1,4 mlrd so‘mlik subsidiya mablag‘lari o‘zlashtirilgani aniqlandi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi viloyatda tadbirkorlarga ajratilgan subsidiya mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha o‘rganish o‘tkazdi.
Tekshiruv natijasida 2023–2024-yillarda ajratilgan jami 9,3 mlrd so‘mdan 1,4 mlrd so‘m mablag‘ o‘zlashtirib yuborilgani ma’lum bo‘ldi. Xususan:
- Uchko‘prik tumanida ikkita yuridik shaxs tomonidan 37 nafar kasanachiga 309,4 mln so‘mlik;
- Rishton tumanida bitta yuridik shaxs tomonidan 42 nafar kasanachiga 277,2 mln so‘mlik;
- Bag‘dod tumanida ikkita yuridik shaxs tomonidan 54 nafar kasanachiga 275,0 mln so‘mlik;
- Beshariq tumanida bitta yuridik shaxs tomonidan 33 nafar kasanachiga 192,4 mln so‘mlik;
- Qo‘qon shahrida bitta yuridik shaxs tomonidan 17 nafar kasanachiga 160,5 mln so‘mlik asbob-uskunalar yetkazib berilmagan.
- Farg‘ona tumanida bitta yuridik shaxs tomonidan 14 nafar kasanachiga 106,3 mln so‘mlik;
- Farg‘ona shahrida bitta yuridik shaxs tomonidan 15 nafar kasanachiga 98,0 mln so‘mlik;
- Dang‘ara tumanida bitta yuridik shaxs tomonidan 7 nafar kasanachiga 51 mln so‘mlik subsidiya mablag‘lari asossiz ajratilgan.
Shuningdek, ayrim fuqarolarga subsidiya mablag‘lari takroran ajratilgani ham aniqlandi. Agentlik yig‘ilgan materiallar asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etayotganini ma’lum qildi.
Avvalroq quyosh panellari o‘rnatgan fuqarolarga 153 mlrd so‘mdan ortiq subsidiya to‘langani haqida xabar qilingandi. Eng katta to‘lovlar Xorazm viloyati (42,6 mlrd so‘m), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (22,4 mlrd so‘m) va Buxoro viloyatiga (15,3 mlrd so‘m) to‘g‘ri keldi. Fuqarolar subsidiya mablag‘ini «Soliq» mobil ilovasidagi «Keshbek va imtiyozlar» bo‘limi orqali bank kartasiga o‘tkazib olishlari mumkin.