Yangiliklar

Gunvor AQSh bosimi sababli «Lukoil» aktivlarini sotib olmaydi

AQSH Moliya vazirligi Gunvorni Rossiya bilan aloqalarni saqlab qolganlikda aybladi
Foto: BalkansCat/Depositphotos

Gunvor Group AQSh bosimi kuchayganidan so‘ng Rossiyaning «Lukoil» kompaniyasiga tegishli xorijdagi aktivlarni xarid qilishdan voz kechdi. Bu haqda kompaniya X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qildi.

Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan Gunvor 6-noyabr kuni tarqatgan bayonotida «Lukoil»ning xorijiy biznesini sotib olishga oid taklifni qaytarib olganini bildirdi. Qaror AQSh Moliya vazirligi kompaniyani «Kreml qo‘g‘irchog‘i» deb atab, Ukrainadagi urush tugamaguncha unga litsenziya berilmasligini ma’lum qilganidan keyin qabul qilingan.

AQSh Moliya vazirligi o‘z pozitsiyasini prezident Donald Trampning urush zudlik bilan to‘xtatilishi kerak degan fikri bilan asoslab, Gunvorni Rossiya bilan aloqalarni saqlab qolayotganlikda aybladi. Kompaniya esa bu da’volarni rad etib, o‘tgan o‘n yil davomida Rossiyadagi barcha aktivlarini sotgani va sanksiyalar talabiga to‘liq amal qilib kelayotganini ta’kidladi.

«Biz noto‘g‘ri tushunchalar bartaraf etilganidan mamnunmiz va «Lukoil»ning xorijiy aktivlarini sotib olish bo‘yicha taklifni rasman bekor qilamiz», — deyiladi Gunvorning rasmiy bayonotida.

Ma’lumki, «Lukoil» AQSh va Buyuk Britaniya sanksiyalari ostida qolmoqda. 30-oktabr kuni kompaniya Gunvor bilan xorijiy biznesni sotish bo‘yicha kelishuvga erishganini e’lon qilgan edi. Biroq bu bitim G‘arbda sanksiyalarni aylanib o‘tish ehtimoli sifatida baholanib, keskin tanqidga sabab bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, Gunvor Group 2000-yilda rossiyalik milliarder Gennadiy Timchenko va shved tadbirkor Torbern Tornkvist tomonidan tashkil etilgan. Kompaniya bugungi kunda dunyoning eng yirik neft va gaz treyderlaridan biri sanaladi. Timchenko 2014-yilda sanksiyalar xavfi ortidan kompaniyadagi 44 foiz ulushini sherigiga sotgan.

«Lukoil»ning asosiy aksiyadori Vagit Alekperov bo‘lib, Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, uning boyligi $28,7 mlrdga teng. Alekperov 2022-yilda Britaniya sanksiyalaridan so‘ng kompaniya rahbarligidan ketgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekiston AQSh sanksiyalaridan so‘ng neft narxi 4 foizdan ko‘proq oshgani haqida xabar bergan edi.