
Huawei va BAIC hamkorligida yaratilgan Stelato brendi Xitoyda yangilangan Huawei Stelato S9 avtomobili uchun oldindan buyurtmalarni qabul qila boshladi.
Narxlar 318 ming yuandan ($44 ming) boshlanadi. Model yangilangan dizayn va Huawei’ning ADS 4.0 avtopilot tizimiga ega bo‘ldi.
Stelato S9 premium segmentda Mercedes-Benz S-Class, BMW 7-Series va Audi A8 bilan raqobat qiladi. Uzunligi 5160 mm, kengligi 2005 mm, balandligi 1492 mm. G‘ildiraklar bazasi 3050 mm bo‘ladi.
Modelda 36 ta sensor bor. Ularga to‘rtta lidar, millimetr to‘lqinli 4D radar va tashqi mikrofonlar kiradi. Mashina Huawei Qiankun Intelligent Driving tizimi bilan ishlaydi. U L3 darajasiga yaqin xavfsiz avtopilot funksiyalarini taklif qiladi.

Stelato S9 ikki versiyada taqdim etiladi. To‘liq elektr (EV) versiyasi 800 V platformada ishlaydi. 227 kVt quvvatli elektromotor bilan 800 km dan ortiq masofaga erishadi. Gibrid EREV versiyasi Snow Owl esa to‘liq bak bilan 1300 km masofani bosib o‘tadi.
Dizayn kosmik mavzudan ilhomlangan. Old faralar Brilliant Star River deb nomlanadi. Orqa chiroqlar Nebula shaklida. Korpus rangida esa Universe deb ataladigan yangi palitra qo‘llangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Stelato S9 2026 avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.