
Chechevitsa sho‘rva — rus oshxonasi va slavyan hududlarida juda keng tarqalgan oddiy, sog‘lom va tez tayyor bo‘ladigan sho‘rva. «Chechevitsa» rus tilida yasmiq degani. Ayniqsa kuz-qish mavsumida iliq sho‘rvalar energiya beradi, to‘yimli bo‘ladi va kechki ovqat uchun juda mos. Oshqozonga yengil, vitaminli va oqsilga boy variant. Kursiv Uzbekistan bugun kechki ovqatga yasmiqli sho‘rva tayyorlashda yordamlashadi.
| Masalliq | Miqdor |
|---|---|
| Yasmiq (qizil) | 1 stakan |
| Tovuq go‘shti bor bo‘lsa, suyakli bo‘lak (ixtiyoriy) | 200-300 g |
| Sabzi | 1 dona |
| Piyoz | 1 dona |
| Pomidor pastasi | 1 osh qoshiq |
| Kartoshka | 2 dona |
| Tuz, qora murch | ta’bga ko‘ra |
| Zira | 0,5 choy qoshiq |
| Suv | 2,5-3 litr |
| O‘simlik yog‘i | 2 osh qoshiq |
Tayyorlash bosqichlari: bulyon asosini tayyorlash
Agar tovuqli variant qilmoqchi bo‘lsangiz, avval suyakli tovuq bo‘laklarini sovuq suvga solib qaynatishga qo‘ying, ko‘piklarini olib tashlang. Shundan so‘ng kartoshkalarni kubcha shaklida to‘g‘rab qozonga qo‘shing. Yasmiqni ham yaxshilab yuvib qozonga soling. Yasmiq yumshoq bo‘lguncha past olovda asta pishib boradi.
Sabzavot aralashmasi va yakun
Alohida kichik idishda mayda to‘g‘ralgan piyoz va sabzini o‘simlik yog‘ida yengil qovurib oling, so‘ngra pomidor pastasini qo‘shib 2-3 daqiqa aralashtirib qovuring. Tayyorlangan sabzavotli qovurmani qozonga soling, tuz, qora murch va zirani soling. Hammasi birga 20-25 daqiqa past olovda dim holatda pishiriladi — yasmiq yengil ezilib, sho‘rva bir oz quyqalashtiriladi. Xohishga ko‘ra, tovuq go‘shtini suyagidan yaxshilab ajratib, sho‘rvani blenderdan yengil aylantirib pyure shakliga keltirish mumkin.
Bezash va dasturxonga tortish
Sho‘rva tayyor bo‘lgach likopchaga solganda ustiga mayda to‘g‘ralgan ko‘kat (ukrop yoki petrushka) sepiladi. Yoniga «suxarik» yoki oddiy non juda mos bo‘ladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan gruzincha chaxoxbilining tayyorlanish jarayoni haqida ma’lumot bergandi.