
O‘zbekiston va AQSh uran, mis, volfram, molibden va grafitni qazib olish hamda chuqur qayta ishlash bo‘yicha hamkorlik qiladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev AQShga amaliy tashrifi doirasida yirik amerikalik kompaniyalar, investitsiya fondlari va moliyaviy institutlar vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda AQSH savdo vaziri Govard Latnik, prezidentning maxsus yordamchisi Rikki Gil, elchi Paolo Zampolli va boshqa rasmiylar ishtirok etdi.

Prezident ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi sakkiz yilda to‘rt baravar oshganini ta’kidladi.
Hozirda O‘zbekistonda 300 dan ortiq amerika kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2030-yilgacha 18–20 GVt quvvatdagi qayta tiklanuvchi energiya tizimini yaratadi va elektr energiyasining yarmi quyosh hamda shamoldan olinadi.
Shu jarayonda AQSh bilan birgalikda strategik foydali qazilmalarni qazib olish, qayta ishlash va yetkazib berish zanjirlarini rivojlantirish rejalashtirilgan. Shuningdek, avtomobil va temir yo‘llar, terminallar va aeroportlarni modernizatsiya qilish uchun 2030-yilgacha $12 mlrd yo‘naltiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh va O‘zbekiston 100 milliard dollarlik hamkorlik boshlashi haqida xabar bergan edi.