
O‘zbekistonda xalqaro mobil to‘lov tizimlari Apple Pay va Google Pay xizmatlarini ishga tushirish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning AQShga amaliy tashrifi doirasidagi uchrashuvlarida ma’lum qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Vashingtonda Amerika kompaniyalari, investitsiya fondlari hamda moliya institutlari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonda zamonaviy raqamli to‘lov tizimlarini joriy etish, xususan, Apple Pay va Google Payni mahalliy bank infratuzilmasiga integratsiya qilish masalasi muhokama qilindi.
Bundan tashqari, tomonlar O‘zbekistonda Raqamli akademiya tashkil etish va startap-hablar tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham kelishib oldilar. Mazkur loyihalarni moliyalashtirish jarayoniga DFC hamda AQSh Eksimbanki jalb etilishi rejalashtirilmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda xalqaro onlayn to‘lov tizimlarini yo‘lga qo‘yish tashabbusi ilk bor 2024-yilda ilgari surilgan edi. Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan, Markaziy bank, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Turizm qo‘mitasiga Apple Pay, Google Pay, PayPal, Alipay va UniPay kabi kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazish, ularning xizmatlarini milliy to‘lov tizimlariga moslashtirish bo‘yicha topshiriq berilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Donald Tramp bilan uchrashuv o‘tkazgani haqida xabar bergan edi.