
2025-yil noyabr oyining boshlariga kelib O‘zbekistonda onalar o‘limi bilan bog‘liq holatlar soni 25 foizga kamaydi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Kursiv Uzbekistan muxbiri.
Uning bu fikri Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining «Hayotning sog‘lom boshlanishi — farovon kelajak garovi» dasturi yakunida aytildi. Bu ko‘rsatkich yil oxiriga qadar 30 foizga yetishi mumkin.
Bositxonovaga ko‘ra, bunday natijalarga onalardagi kasalliklarni erta aniqlash tizimlari kuchaygani va homilador ayollar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish orqali erishilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yildan xususiy sektordagi ayollarga ham «dekret» pulini davlat to‘laydi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansur Olloyorovning so‘zlariga ko‘ra, endilikda xususiy sektordagi homilador ayollarning tug‘uruq ta’tili va kasallik varaqalari bo‘yicha to‘lovlari davlat tomonidan amalga oshiriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, nafaqa miqdori xodimning ish staji, daromad solig‘i va tadbirkor tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliq miqdoriga qarab belgilanadi. Shuningdek, 2026-yil 1-iyuldan kasal bo‘lgan yoki tug‘uruq ta’tiliga chiqqan xususiy sektor xodimlari ham budjet tashkilotlaridagilar kabi daromadlarini saqlab qolish imkoniga ega bo‘ladi.