
Qozog‘iston AQShning Joby Aero kompaniyasi bilan umumiy qiymati $300 million bo‘lgan elektr havo taksilarini xarid qilish bo‘yicha memorandum imzoladi. Bu haqda mamlakat Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi ma’lum qildi.
6-noyabr kuni Vashingtonda imzolangan hujjat Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi, Joby Aero, Qozog‘istonning Alatau Advance Air Group Ltd kompaniyasi hamda Kaspi xolding Kengashi raisi Vyacheslav Kim o‘rtasidagi to‘rt tomonlama hamkorlikni o‘z ichiga oladi.
Loyiha Qozog‘istonning «Alatau shahri» tashabbusi doirasida amalga oshiriladi va vertikal uchish-qo‘nishga ega elektr havo apparatlarini xarid qilishni nazarda tutadi. Shuningdek, Alatau hududida dronlar uchun sinov va sertifikatlash markazi barpo etiladi.
Elektr havo taksilari Alatau va unga yaqin Olmaota transport tizimiga integratsiya qilinadi. Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madiyevning ta’kidlashicha, loyiha mamlakatning kelajak texnologiyalarini rivojlantirish sari tashlangan muhim qadam hisoblanadi.
«Qozog‘iston innovatsion transport yo‘nalishida yangi bosqichga chiqmoqda. Elektr eVTOL samolyotlari aqlli shaharlar konsepsiyasini rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi», – dedi Madiyev.
Joby Aviation 2009-yildan buyon elektr uchish qurilmalari yaratish ustida ishlamoqda. Kompaniya 2020-yilda ilk funksional prototipini taqdim etgan. U Toyota, Delta Air Lines va Uber kabi yirik investorlarni jalb qilgan, shuningdek Uber bilan strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Joby o‘tgan kuzda Nyu-York va Los-Anjelesda 2025-yil oxirigacha havo taksi xizmatini ishga tushirishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan edi. Dastlab parvoz narxi $100 – 200 atrofida bo‘lishi, vaqt o‘tishi bilan esa $50 – 100 gacha arzonlashishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozog‘iston va AQSh o‘rtasida 17 milliard dollardan ortiq savdo kelishuvlari imzolangani haqida xabar bergan edi.