
Tank brendi tomonidan Xitoyda yangilangan Tank 400 avtomobili taqdim etildi. Avtomobil besh xil komplektatsiyada taqdim qilinadi, deb xabar bermoqda CarNewsChina.
Narxlar 250 ming yuandan ($35 ming) boshlanadi. Model 2023-yilda taqdim qilingan edi. Endi u feysliftingdan o‘tdi. Tashqi ko‘rinish saqlangan, biroq bamperlar qayta ishlangan. Radiator panjarasi kengaydi. To‘rt rang mavjud: qora, kumush, kulrang va binafsha.

Tomga ilg‘or lidar o‘rnatilgan. U Coffee Pilot Ultra tizimi bilan ishlaydi. Tizim shahar va trassa avtopilotini, shuningdek, avtoparkovkani qo‘llab-quvvatlaydi. Gabaritlar o‘zgarishsiz: 4964×1970×1905 mm. G‘ildirak bazasi 2850 mm.
Salon keskin yangilangan. Model Snapdragon 8295 chipiga ega media tizim bilan jihozlangan. U Coffee OS 3 orqali boshqariladi. Coffee GPT ovozli yordamchi joriy etilgan. Uzatmalar boshqaruvi endi rul ostiga ko‘chirildi. Ikki dona simsiz zaryadlash maydonchasi mavjud. Asosiy ekran 15,6 dyuym va 2,5K sifatga ega. Orqa o‘rindiqlar uchun 15,6 dyuymli ekran va kichik sovitkich o‘rnatilgan.

Dvigatellar:
- Benzin: 2,0 litr turbo, 48 V tizim, 9 pog‘onali avtomat;
- Dizel: 2,4 litr turbo, 9 pog‘onali avtomat;
- Hi4-T: 2,0 litr turbo, elektro motor, 421 ot kuchi, 37,1 kVt/soat akkumulyator, 105 km elektr zaxira.
Hi4-Z: 2,0 litr turbo, ikki elektro motor, 863 ot kuchi, 0–100 km 4,3 soniya, 59,05 kVt/soat akkumulyator, 200 km elektr zaxira, 800 volt platforma, 163 kVt tezkor zaryad.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Xitoyda Tank 400 gibrid yo‘ltanlamasi uchun oldindan savdo boshlangani haqida yozgan edi.