Yangiliklar

Turkish Airlines kompaniyasining daromadi uchinchi chorakda $7 mlrdga yetdi

O‘tgan yilga nisbatan 4,9 foiz ko‘p
Turkish Airlines
Foto: Daily Sabah

Turkish Airlines joriy yilning uchinchi choragida $6,95 mlrd daromad oldi. Anadolu agentligining qayd etishicha, bu o‘tgan yilga nisbatan 4,9 foiz ko‘p.

Kompaniya joriy chorakda 27,2 mln yo‘lovchi tashidi. Bu Turkish Airlines tarixidagi eng yuqori uchinchi chorak ko‘rsatkichi bo‘ldi.

Avialiniya ketma-ket 18 chorak davomida o‘sishni davom ettirib kelmoqda. 2025-yilning uchinchi choragida yo‘lovchi sig‘imi 8,2 foiz oshdi. Bu ko‘rsatkich pandemiyagacha bo‘lgan davrdan 43 foiz yuqori.

Iyul – sentabr davrida umumiy daromad 4,9 foizga ko‘tarilib, taxminan $7 mlrd bo‘ldi. Yo‘lovchi tashishdan tushgan daromad 6,1 foiz oshdi. Bu talabning kuchli bo‘lganini ko‘rsatadi.

Biroq daromad o‘sishiga qaramay, Turkish Airlines’ning operatsion foydasi 21,3 foizga kamaydi va $1,1 mlrdni tashkil etdi. Bunga birlik daromadining pasayishi va xarajatlar bosimi sabab bo‘ldi. Kompaniyaning sof foydasi ham 10,7 foiz kamayib, $1,4 mlrd bo‘ldi.

Yilning dastlabki to‘qqiz oyida Turkish Airlines jami $17,8 mlrd daromad oldi. Bu o‘tgan yilga qaraganda 4,5 foiz ko‘p.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Turkiya AQSh sanksiyalaridan so‘ng Rossiyadan neft importini kamaytirgani haqida yozgan edi.