Yangiliklar

Uzbekistan Airways Boeing 787 Dreamliner uchun buyurtmasini kengaytirmoqda

C5+1 sammiti doirasida Uzbekistan Airways Boeing kompaniyasi bilan yangi kelishuv imzoladi
Suratda (chapdan o‘ngga): Pol Rigi, Govard Latnik, Laziz Qudratov, Paolo Zampolli va Shuxrat Xudaykulov / Foto: Uzbekistan Airways

Vashington shahrida o‘tkazilgan «C5+1» sammiti doirasida Uzbekistan Airways Boeing kompaniyasi bilan kelishuv imzoladi.

Unga ko‘ra, aviakompaniya sakkizta Boeing 787-9 Dreamliner samolyotiga berilgan opsionlarni qat’iy buyurtmaga aylantirdi. Shu bilan Uzbekistan Airways’ning Dreamliner samolyotlariga berilgan umumiy buyurtmasi 22 taga yetdi. Hujjat Uzbekistan Airways boshqaruvi raisi Shuxrat Xudaykulov hamda Boeing kompaniyasi vakili Pol Rigi tomonidan imzolandi. Marosimda AQSh savdo vaziri Govard Latnik va O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov ham qatnashdi.

Samolyotlar 2031-yildan boshlab yetkazib beriladi. Yangi avialaynerlar aviakompaniyaga uzoq masofali parvozlarni kengaytirish, jadvalni barqarorlashtirish va yo‘nalishlar geografiyasini oshirish imkonini beradi. Bu orqali Markaziy Osiyo Shimoliy Amerika, Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo – Tinch okeani mintaqasi bilan yanada yaqinroq bog‘lanadi.