Yangiliklar

Xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalarini bojxonadan o‘tkazish tartibi belgilandi

Bojxona organlari xavfni boshqarish tizimi asosida jo‘natmalarni «qizil», «sariq» va «yashil» yo‘laklar orqali nazorat qiladi
Xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalarini bojxonadan o‘tkazish tartibi belgilandi
Xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalarini bojxonadan o‘tkazish tartibi belgilandi / Foto: depositphotos

Hukumat qarori bilan xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalarini bojxona nazoratidan o‘tkazish tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, endi pochta va kuryerlik jo‘natmalarida yuboriladigan va chegara orqali olib o‘tiladigan barcha tovarlar bojxona nazoratidan o‘tishi shart. Pochta aloqasi operatori yoki ekspress tashuvchi jo‘natmalarni bojxona organlariga bojxona ko‘rigidan o‘tkazish uchun taqdim qiladi. Shundan so‘ng jo‘natmalar bojxona postiga yetkaziladi.

Jo‘natmalarni tashish, yuklash, tushirish, saqlash va boshqa ishlar bilan bog‘liq xarajatlar pochta operatori yoki ekspress tashuvchi hisobidan qoplanadi. Bojxona organlari xavfni boshqarish tizimi asosida jo‘natmalarni «qizil», «sariq» va «yashil» yo‘laklar orqali nazorat qiladi.

Avvalroq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (Davaktiv)ga taqdimnoma kiritib, «O‘zbekiston pochtasi»dagi AJ (UzPost) davlat ulushini xususiylashtirish jarayonida ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga qat’iy amal qilishni so‘ragandi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, UzPost transformatsiya qilinadigan yirik davlat korxonalari ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, uning 29,4 foiz davlat ulushi ommaviy savdolar orqali xususiylashtirilishi rejalashtirilgan. Qonunchilikka binoan, bunday jarayonlarda barcha ma’lumotlar ochiq ma’lumotlar portalida e’lon qilinishi va tanlovlar teng raqobat muhitida o‘tkazilishi shart.