Yangiliklar

«C5+1» sammiti Oʻzbekiston bilan hamkorlikning yangi sahifasini ochdi — Tramp

Va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari bilan
Трамп
Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati

AQSh prezidenti Donald Tramp Truth Social platformasida Vashingtonda oʻtgan «C5+1» sammiti Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan ajoyib yangi munosabatlarni boshlab berganini ma’lum qildi.

Trampning aytishicha, Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharq tutashgan strategik hudud sifatida Markaziy Osiyo AQSh uchun muhim sherikka aylanishi mumkin.

«Bu mintaqa muhim minerallar, uglevodorodlar va insoniy iste’dodlarning ulkan zaxirasiga ega. Shuning uchun biz bu jarayonda toʻliq ishtirok etishga tayyormiz», – dedi AQSh prezidenti.

Uning soʻzlariga koʻra, sammit yakunida AQSh aviatsiya, muhim minerallarni qazib olish va boshqa sohalarda amerikaliklar bandligini oshiradigan koʻp milliard dollarlik kelishuvlarga erishgan.

Bungacha Tramp Oʻzbekiston 2028-yilgacha Amerika iqtisodiyotiga $35 mlrd, keyingi oʻn yillikda esa $100 mlrddan ortiq sarmoya kiritishini ma’lum qilgandi. U Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Mirziyoyevning AQShga tashrifi chogʻida bir qator muhim hujjatlar imzolandi. Ular orasida nodir yerlar boʻyicha hamkorlik bitimlari, Boeing kompaniyasining 22 ta avialaynerini xarid qilish boʻyicha shartnoma, shuningdek, soya dukkaklari va shrot yetkazib berish boʻyicha kelishuvlar bor.

Sammitda Oʻzbekiston rahbari Ukrainadagi urushni faqat AQShning amaldagi prezidenti toʻxtata olishi mumkinligini taʼkidladi. U Trampga Markaziy Osiyo mintaqasiga qaratilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekistonda uni dunyo prezidenti deb atashlarini aytdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan sammit chogʻida Mirziyoyev ilgari surgan tashabbuslar haqida xabar bergandi.