
Meta kompaniyasi 2024-yilda firibgarlik alomatlari boʻlgan onlayn reklamalardan qariyb $16 milliard daromad olgan. Bu haqda Reuters nashri kompaniyaning ichki hujjatlariga tayanib, xabar berdi.
Nashr tanishgan hujjatlarga koʻra, Facebook, Instagram va WhatsApp foydalanuvchilariga har kuni 15 milliardga yaqin shubhali reklama koʻrsatgan. Ularga soxta investitsiya takliflari, noqonuniy kazinolar, qalbaki dori vositalari va boshqa firibgarlik sxemalari kiradi.
Meta ichki auditida reklamani nazorat qilish tizimi juda liberal ekani qayd etilgan: reklama beruvchi shubhali faoliyat bilan 95 foiz ehtimol bilan shugʻullanayotgani aniqlangandagina bloklanadi. Undan past holatlarda kompaniya faqat reklama narxini oshiradi.
Shuningdek, algoritmlar firibgarlik kontentining tarqalishiga bilvosita hissa qoʻshayotgani aytiladi. Foydalanuvchi bir marta shubhali reklamani bosganida, unga yana shunga oʻxshash e’lonlar koʻproq chiqadi.
Manba oʻrgangan ichki roʻyxatlarda eng yirik firibgarlar haftalik yangilab boriladi, biroq ulardan 40 foizi roʻyxatga kiritilganidan olti oy oʻtgach ham reklama berishda davom etgani aniqlangan. Ular agentlik jurnalistlarining soʻrovidan keyingina bloklangani ma’lum boʻlgan.
Meta ayblovlarga rasmiy javob bermay, faqat ichki baholash taxminiy va haddan tashqari keng boʻlganini bildirgan. Kompaniya oʻtgan 18 oyda firibgarlikka oid shikoyatlar soni 58 foizga kamayganini ma’lum qilgan.
Avvalroq «Kursiv» Meta Oʻzbekistonda oʻz vakolatxonasini ochishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.